Salom blogimning qadrli o’quvchilari! Ushbu maqolada Internetda bo’lishi mumkin bo’lgan ba’zi qallobliklar (firibgarlik) va ulardan qochish to’g’risida ma’lumot bermoqchiman.
Yaqinda kompyuterda internet ishlatayotganimda shunday firibgarlikning biriga duch keldim va vaqtida bu firibgarlikni tagiga yetib, hech qanday narsaga aldanib qolmadim. Va yana shunga amin bo’ldimki Internetda firibgarlar juda ko’p.
Bu maqolaning mavzusiga aylangan hodisani oldin gapirib, keyin shunday paytlarda qanday yo’l tutish kerakligi haqida maslahatlarimni beraman.
Xullas, Googledan ma’lumot qidirayotganimda to’satdan yangi sahifa ochildi:
Bu sahifada shunday so’zlar yozilgan:
Qadrli foydalanuvchi,Tabrilaymiz!
Biz sizga O’zbekistonda Googlening sodiq foydalanuvchisi bo’lganingiz uchun tashakkur bildirmoqchimiz. Sizning IP manzilingiz BEPUL Samsung Galaxy S9ni qabul qilish uchun tasodifiy tarzda tanlangan.
Vaqti-vaqti bilan sheriklarimiz va homiylarimizdan sovg’a qabul qilib olish imkoniyatini berish uchun bir qancha foydalanuvchi tanlab olamiz. Bu bizning qidiruv tizimi sifatida Googleni tanlaganingiz uchun tashakkur bildirish usulimizdir.
Bugun sizning omadli kuningiz. Siz sovg’ani olish uchun tasodifiy tarzda tanlab olinadigan 10 ta foydalanuvchining birisiz.
Sovg’ani olish uchun, siz oddiygina qisqa va anonim so’rovlarni bajarishingiz kerak. Faqat shoshiling! Bugun faqat oz miqdorda sovg’a mavjud.
Bularni o’qib chiqib boshida xursand bo’ldim (nahotki deb), keyin qandaydir g’alatilik his qildim. Sababi URL shubhali ko’rindi, odatda Google servislarida URLda google so’zi ishtirok etardi, masalan: translate.google.com, support.google.com va hokazo.
Bir tomondan oldin Googleda shunday xizmat (sovg’a berish xizmati) yo’lga qo’yilganmi yo’qmi deb o’rganmoqchi bo’ldim, lekin jiddiy emas kayfiyatida o’zimcha sovg’ani olish uchun so’rovnomalarda qatnashdim.
2-3 ta savolga javob berganimdan so’ng, yangi sahifa ochildi:
Bu sahifada:
Tabriklaymiz!
Mavjudligi cheklanganligi sababli sovg’angiz keyingi 2:53 daqiqa uchun saqlanadi.
Bu vaqt ichida sovg’ani talab qilmasangiz, u Googlening keyingi omadli foydalanuvchisiga beriladi.
Bu sahifada Claim Now tugmasini bosganimdan so’ng, yana yangi sayt (genxgame.com) ochildi va bu yerda akkount ochish uchun ro’yxatdan o’tishim so’raldi.
Ro’yxatdan o’tib akkount ochgandan keyin, mendan shaxsiy ma’lumotlarim va karta nomerimni kiritish so’raldi:
Aynan shu yerda bu bo’layotgan ishlardan shubhalanishni boshladim va tezda Googleda shunday sovg’a berish ishlari mavjudmi, yo’qmi va genxgame.com sayti ishonchli yoki ishonchsizmi deb ma’lumot qidirishga tushdim.
Va shuni o’rgandimki Googleda bunday xizmat yo’q va Googlening brendidan foydalanib bunday fribgarliklarni qiladiganlar ko’p ekan. Men bilan yuz bergani ham fribgarlikning bir turi.
Genxgame.com saytiga kelsak mutlaqo ishonchsiz sayt ekan. Forumlardan u haqida ma’lumot qidirganimda, har oy 37-38 $ kartasidan yechib olinayotganini va uni qanday to’xtatishni bilmayotganlar maslahat so’rab yozishgan va bu saytdan mutlaqo foydalanmaslik kerakliligini takidlashgan.
Menimcha yuqoridagilarni o’qib internetda firibgarlikning turi qay shakllarda bo’lishi mumkinligini angladingiz.
Endi ulardan qanday qochish to’g’risida gaplashamiz.
Qanday qilib onlayn firibgarliklardan qochish kerak.
Sovrinlar, sovg’alar, takliflar va kompyuter xatoliklari yoki viruslar niqobi ostidagi firibgarliklardan qochish uchun, siz nimani bosish va nimani yuklab olish to’g’risida juda aqlli bo’lishingiz kerak.
- Domenga e’tibor bering! Ko’plab fribgarlik takliflari ishonchli web-saytlarning domeniga (nomiga) o’xshagan URLlardan foydalanishga harakat qiladi va ular haqiqiydek ko’rinadi.
Masalan:
Youtube.com-red.com
Uzinfobiz.com.uz.
Va hokazo.
Qalbaki takliflar va pul tikishlardan qoching!
- Web-sayt omillarini ko’zdan kechiring! Taklif ishonchli sayt yoki ishonchli kompaniyadanligiga qaramay, taklifga ishonishga shoshilmang! URL orqasini tekshiring! Ko’plab fribgarlar qalbaki URLdan foydalanadi.
Shuningdek, ba’zi ishonchli saytlar ham ishonchsiz reklamalar joylashtirishi mumkinligini esingizda tuting!
Agar URLga ega bo’lmagan pop-up bo’lsa( sahifaning yuziga chiqib keladigan oyna), ko’pincha biron narsadan ogohlantiradi, agar kompyuteringizdagi fayllarda xatolik borligini aytishayotgan bo’lishsa, aslo ishonmang va e’tibor bermang! Chunki Web brauzer yoki qandaydir bir sayt kompyuteringiz fayllari to’g’risida biron narsani aniqlay olmaydi.
- So’rovlardan ehtiyot bo’ling! Ko’pincha soxta takliflarda so’rovlar bo’ladi. Ular mahsulot uchun talabnomalar so’rovlarda qatnashish va shaxsiy ma’lumotlarni berishdan iborat ekanligini aytishadi. Biroq, aslo ishonchsiz va nomalum omilga shaxsiy ma’lumotlaringizni bermang!
- Taklif haqida izlanish olib boring! Odamlar nima deganini ko’rish uchun taklif to’g’risida izohlarni qidiring! Taklif berilgan sahifadagi izohlarga ishonishda ehtiyot bo’ling! Ehtimol soxta izohlardan foydalanayotgan bo’lishlari mumkin.
- Dastur o’rnatishda ehtiyot bo’ling! Agar biron bir dasturni yuklab olish uchun saytga kirgan bo’lsangiz, bu dasturning rasmiy sayti ekanligiga ishonch hosil qiling!
O’ylaymanki yuqorida olgan ma’lumotlaringiz keyinchalik Internetdan foydalanayotganingizda sizga yordam beradi.
Agar siz ham firibgarliklarga yo’liqqan bo’lsangiz izohda qoldirishingizni so’ragan bo’lardim. Shu bilan boshqalarga yordam bergan bo’lasiz.
Maqola oxirida blogimga OBUNA bo’lishingizni so’rab qolaman! Xayr salomat bo’ling!
Muallif: Oxunjon G’aybullayev.