Okhunjon Gaibullayev's blog

Nima uchun imtihon arafasida stressga tushamiz?

imtihondan oldin bo'ladigan hayajonni yengish

Salom blogimning o’quvchilari! Ushbu maqolada imtihonlardan oldin ko’pchilikda bo’ladigan stress to’g’risida gap boradi. Maqola blogimning qadrli o’quvchilarining biri tomonidan yozildi, muallif bilan maqola oxirida tanishasiz.

Stress nima?

Stress inglizcha so’z bo’lib , tashqi muhitning noqulay ta’sirlari natijasida organizmda hosil bo’ladigan javob reaksiyalari yig’indisi hisoblanadi. Uning ikki turi farqlanadi: ijobiy – eustress va salbiy – distress.

 Ijobiy stressni o’zini ham ikki xil tushunish mumkin: ijobiy voqea-hodisalar natijasida paydo bo’ladigan yoki u darajada kuchli bo’lmagan; organizmning turg’unligiga ta’sir ko’rsata olmaydigan stress.

Salbiy stress esa organizmning immun tizimiga putur yetkazib, turli infeksion kasalliklarga moyillikni oshiradi. Buning natijasida og’ir xastaliklarga chalinish mumkin.

Imtihondan oldingi stress

Umuman olganda, stressni yuzaga keltiruvchi omillar juda ko’p. Bugungi urbanizatsiyalashgan zamonda aksariyat aholi megapolisda hayot kechiradi. Qay tomonga qaramang, stressga sabab bo’luvchi voqea-hodisalar: kuchli shovqin, odamlar to’dasi, tirbandliklar… Bularning bari asab tizimiga jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Lekin shu bilan bir qatorda, yuqorida aytib o’tilganidek, eustressning o’ziga xos foydali tomonlari mavjud:

1.Agar yaxshi xabar ta’sirida stressga tushsangiz, organizmning kurashuvchanlik xossasi ortadi.

2. Ijobiy stress vaqtida miyamiz odatdagiga nisbatan yaxshiroq ishlaydi, chunki nerv hujayralari orasidagi aloqa mustahkamlanadi.

3. Stress – bizning ruhiy holatimiz uchun o’ziga xos mashg’ulot hisoblanadi.

4. Stress bizga motivatsiya beradi.

Imtihon arafasidagi stress

    Har bir kishi o’z hayotida eng kamida bir marta jiddiy imtihon topshiradi va imtihon yaqinlashgan sari o’zida paydo bo’layotgan noodatiy hislarni sezadi. Bu albatta tabiiy holatdir. Agar bu jarayonni faqat o’zingizni individual xususiyatlaringiz bilan bog’liq deb o’ylasangiz, yanglishasiz. Imtihondan oldingi stressning yuzaga kelish sabablari turlicha bo’lishi mumkin. Quyida shulardan ba’zilarini keltirib o’tamiz.

Talabalarning imtihon oldi hayajoni

 1.Eng asosiy sabab – imtihonga jiddiy yondashmay, yuzaki tayyorlangan bo’lsangiz, uning mohiyatini bor bo’yicha tushunganingizdan keyin stressga tushishingiz tabiiy hol.

2. Bu holat ayniqsa maktablarda , o’qituvchilarning uslubiy xatosi tufayli sodir bo’ladi: o’quvchiga yordam va motivatsiya berish o’rniga unga tazyiq o’tkazish – albatta salbiy stressni yuzaga chiqaradi.

3. Yaxshi dam olmaslik. Ko’pchilik shu omil tufayli aziyat chekadi. Yaxshi xordiq chiqarmaslik oqibatida kishi o’z fikrini jamlab olishi qiyin bo’ladi va hayajonlanib, stressga tushadi.

4. Eng oddiy sabab – tajribasizlik. Umrida birinchi marta jiddiy imtihonga kirayotgan inson kuchli hayajonga berilishi tabiiy hol.

Imtihon oldidan stressni yengish uchun maslahatlar

Imtihon shunday jarayonki, bunda har bir kishi “O’zing o’zinga yordam ber» qabilida ish ko’rishi lozim. Imtihonga har kim turlicha munosabat bildiradi. Demak, bu vaqtda yuzaga keladigan stressga qarshi kurashish yo’llarini ham o’zi o’ylab topadi. Biz quyida sizga taqdim etmoqchi bo’lganimiz – amalda qo’llangan va ishonchli usullardir.

1.Imtihonga tayyorlanishni 17-18 soat qolganda yakunlash tavsiya etiladi. Oxirgi soatlarda katta bosim bilan kitob o’qishning mahsuldorligi ancha past bo’ladi. Tajriba shuni ko’rsatadiki, bilimlar sinoviga juda yaqin qolganda qancha ko’p o’qilsa, shuncha kam esda qoladi.

2. Hayot-mamot hal bo’lishi arafasida o’quv materiallariga betartib ravishda ko’z yugurtirish tavsiya etilmaydi, bu jarayonda dengizdan tomchi esihingizda qoladi, xolos. Natijada imtihon paytida faqatgina omadga tayanishga to’g’ri keladi.

3. Qolgan vaqtni aqliy mehnatdan charchagan organizmni oldindagi sinovga tayyorlashga bag’ishlash foydaliroqdir.

4. Imtihonlardan oldin kechqurun sayrga chiqish, dush qabul qilish kabi har qanday chalg’itadigan va tinchlantiradigan ish bilan shug’ullanish maqsadga muvofiqdir. “Miyani yukdan xalos etish» uchun biror komediya yoki yumoristik ruhdagi ko’rsatuvni tomosha qilish juda foydali.

Kulgu stressni yengishga yordam berishdan tashqari ishtahani ochadi, ish qobiliyatini oshiradi, uyquni normallashtiradi va g’ayritabiiy usul bilan fikrlash va tasavvur qilish qobiliyatini yaxshilaydi. Bu narsa ilmiy jihatdan isbotlangan.


5. Imtihondan oldin albatta organizmning talabini qondiradigan darajada to’yib uxlash kerak! Qiyinchiliksiz uxlash uchun esa kunning ikkinchi yarmidagi ratsiondan kofe, shokolad, kola, choy kabi mahsulotlarni chiqarib tashlash kifoya.

hayajonni to'xtatish

6. Tasavvurni ishga soling. Psixologik texnika yordamida imtihon jarayonini ko’z oldingizga keltiring:

  • Siz imtihon o’tkazilayotgan auditoriyaga kirdingiz, biletni tanladingiz, o’z joyingizga o’tirib xotirjam, hech qanday qiyinchiliklarsiz topshiriqlarni bajarib boshladingiz;
  • Iloji boricha imtihon nazoratchilarini ham ko’z oldindizga keltiring: ular o’z qarashlari bilan javobingizdan qoniqish hosil qilganliklarini ko’rsatib turishibdi, imtihon yakunida esa o’zingiz xohlagan bahoni qo’yib berishdi.

     •   Shu sahnalarni xotirangizda ko’p marotaba tiklashga harakat qiling va real hayotda ham shunday bo’lishiga ishoning.

Imtihondan oldin uyqu yaxshi bo’lishi uchun kechki ovqatni to’g’ri tashkil qilish ham muhim ahamiyatga ega. Bu paytda iloji boricha uglevodli taomlar iste’mol qilish lozim, tarkibida ko’p miqdorda oqsil saqlagan mahsulotlardan esa o’zni teggan ma’qul. Uxlashga yotishdan 30-40 minut avval bir stakan issiq suvga bir choy qoshiq asal solib ichsangiz, asab tizmi mustahkamlanadi.

O’ylaymizki, yuqoridagi maslahatlar 100 % tayyorgarlik va o’zingizga ishonch bilan imtihonlardan o’tishingizga , oz bo’lsa-da, foyda beradi. Eng muhimi o’zingizga ishoning va maqsadga erishish yo’lida hech qachon ortga qaytmang!

Muallif : Saloxiy Salohiddin Otabekovich

Рейтинг
( 1 assessment, average 1 from 5 )
Oxunjon G'aybullayev/ author of the article
Понравился этот пост? Поделись с друзьями:
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: